1000KITOB Jamoatchilik kengashi tuzildi
Kengashga O‘zbekistonning eng tajribali noshirlari, soha mutaxassislari, olimlar va jurnalistlar jalb etildi. Kengash a’zolari orasida, jumladan, shoir va muharrir Nosirjon Jo‘rayev, tarixchi olima Feruza Jumaniyozova, “Gazeta.uz” jurnalisti Bahodir Abdullayev bor.
Ushbu kengashning maqsadi – loyiha shaffofligini ta’minlash, uning hisobotlarini tinglash, jamoatchilik vakillari bilan ishlash, ulardan tavsiya va takliflar olish.
Yig‘ilishda kengashning raisi va uning o‘rinbosarlari saylandi. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov rais, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva rais o‘rinbosari sifatida tasdiqlandi.
Kengashning yangi ishlab chiqilgan nizomi muhokama qilinib, a’zolar taklif qilgan tuzatishlarni kiritish sharti bilan ma’qullandi. Shundan so‘ng yig‘ilishning asosiy maqsadi – Loyiha ofisining olti oylik hisoboti bilan tanishtirildi.
Hisobot davrida Loyiha ofisi tomonidan, jumladan, quyidagi ishlar amalga oshirildi:
– Ekspertlar kengashi tarkibi yangilandi;
– ilk bor “Tarjimon va muharrirlar maktabi” tashkil etildi;
– loyiha doirasida jami 43 ta kitob tarjima va tahrir jarayonlaridan so‘ng qabul qilib olindi, 27 ta kitob uchun tender o‘tkazilib, nashr ishlari boshlab yuborildi;
– keyingi faoliyat davomida nashrga tayyorlanadigan 63 ta kitobdan iborat dastlabki ro‘yxat shakllantirildi va Ekspertlar kengashi tomonidan tasdiqlandi. 22 ta kitob bo‘yicha xorijiy nashriyotlar bilan shartnomalar imzolandi, yana 13 ta kitob bo‘yicha shartnoma imzolash jarayoni yakunlanishi kutilmoqda;
– nashriyotlar orasida ushbu kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashrga tayyorlash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazildi va bugungi kunda ular bilan shartnomalar imzolanmoqda;
– Markaziy bank bilan hamkorlikda “1000KITOB+” tashabbusi boshlanib, makroiqtisodiyot va bank tizimiga oid kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish bo‘yicha nashriyotlar orasida tanlov e’lon qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda dastlabki bosqichda tayyorlangan 27 ta kitobning signal (o‘zbekcha) va asl (inglizcha) nusxalari ularga taqdim etilib, mutaxassislarning taklif va tavsiyalari olindi.
1000KITOB oilasiga qo‘shilgan mutaxassislarga tashakkur bildiramiz va ularning bebaho taklif va tavsiyalari loyihaning rivojiga ulkan hissa qo‘shadi deb ishonamiz.
Jamoatchilik kengashining dastlabki tarkibi haqida tez orada ma’lumot beramiz.
Jamoatchilik kengashiga murojaat etmoqchi boʻlsangiz, 1000kitob@gmail.com elektron pochta manziliga takliflariningizni yuborishingiz mumkin.
