Tarjimon va muharrirlar maktabi tinglovchilari taqdirlandi
Xabaringiz bor, 1000KITOB loyihasi tarjimonlik va muharrirlik maktablari va an’analarini shakllantirish va rivojlantirishga qaratilgan Tarjimon va muharrirlar maktabini yo’lga qo’ygan edi.
Uning doirasida tarjimonlar va muharrirlar uchun ikki haftalik intensiv kurslar tashkil etildi. Mazkur kurslarimizda jami 50 nafar tinglovchi ishtirok etdi.
Ular ekspertlarimiz va murabbiylarimiz - filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov, “Til va adabiyot ta’limi” jurnali bosh muharriri Farrux Jabborov, Toshkent Kimyo xalqaro universiteti Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri Gulnoza Odilova tomonidan ilmiy, ilmiy-ommabop tarjima va tahrir bo‘yicha bilimlarga ega bo’lishdi.
Mazkur kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilar uchun Yoshlar ishlari agentligida workshop formatida tadbir tashkil etildi.
Tadbir yosh tarjimon va muharrirlarni bir maydonga jamlash, ularni o‘zaro tanishtirish hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Mashg‘ulotlar davomida murabbiylar matnlarni tarjima va tahrir qilish bo‘yicha amaliy topshiriqlar berib, turli interaktiv o‘yinlar orqali jarayonni yanada qiziqarli va samarali olib borishdi.
Tadbir yakunida tinglovchilar sertifikat va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
