Kitoblarni chop etish uchun bosmaxonalar o'rtasidagi tender yakunlandi
Yoshlar ishlari agentligi “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasi doirasida nashrga tayyorlangan kitoblarni chop etish bo‘yicha bosmaxonalar uchun tanlov (tender) e’lon qilgandi. Va nihoyat, g‘olib bosmaxona aniqlandi va u bilan shartnoma imzolandi.
Tanlovda ishtirok etish uchun yettita bosmaxonadan ariza kelib tushdi. Xususan, “Dizayn Print”, “Sano Standart”, “Standart Poligraf Service”, “G‘ofur G‘ulom”, “Printuz” va “O‘zbekiston” bosmaxona va nashriyot-matbaa uylari tenderda qatnashish uchun ariza topshirdi.
Ushbu talabgorlarning texnik bazasi va imkoniyatlari Loyiha xodimlari tomonidan o‘rganildi.
Tender e’lonida aniq texnik talablar belgilangan edi, tanlov jarayonida shunga monand talabgorlarga ball berildi. Eng yuqori natijani “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi qo‘lga kiritdi. Tender komissiyasi esa ushbu nomzodni tasdiqladi.
Endilikda Loyiha doirasida 2024-yilda nashrga tayyorlangan 50 ta kitobning 27 tasi chop etiladi (https://t.me/mingkitobuz/186) (har biri uch ming adadda). Bu uchun bosmaxonaga barcha kitoblarni shartnoma imzolanganidan so‘ng 45 ish kunida yetkazib berish sharti qo‘yilgan.
