Nega aynan shu kitoblar, nega boshqasi emas?

Loyihada 2024-yil uchun qanday kitoblarni tanlab olish bo‘yicha avvalboshda ekspertlar orasida bahs bo‘lgan edi. O‘shanda ikki guruh ajralib qolgandi: boshlang‘ich qo‘llanmalar, darsliklar, ommaboproq kitoblar o‘girilsin deydiganlar va fundamental, klassik, ilmiy adabiyotlar o‘girilishi kerak deb hisoblaydiganlar. Tortishuv uzoq davom etgan. Nihoyat, loyiha bir yillik emasligi, qarorda 1000 ta kitob nazarda tutilgani, demak, strategiya uzoq muddatli bo‘lishi hisobga olindi. Birinchi boshqichda yengilroq, muqaddima kitoblar ko‘proq o‘girilishiga kelishildi.

 

Nima uchun shunday qilindi:

Birinchidan, o‘zbek tilida boshlang‘ich kitoblar ham, fundamental kitoblar ham taqchil. Har ikki turdagi kitoblar bizga kerak. Ayniqsa, boshlang‘ichlar. Chunki fundamental kitoblarni o‘qiy oladigan darajaga yetganlarning aksariyati rus va ingliz tillarida shundoq ham o‘qiydi. Demak, avval qo‘llanmalar, darsliklarni o‘giramiz. Keyingi bosqichlarda asta fundamentalroq adabiyotlarga o‘tib boramiz. Qolaversa, fundamental va sof ilmiy kitoblarni ixtisoslashgan ilmiy markazlar, akademiyalar va OTM grantlar asosida tayyorlashi ham mumkin. Ammo ommabop kitoblar va qo‘llanmalar ko‘pincha bunday markazlar e’tiboridan chetda qoladi.

 

Ikkinchidan, noshirlik va tarjimonlik ahvolidan boxabarlar biladiki, bizda fundamental, mumtoz va murakkab kitoblarni tarjima qilish salohiyatiga ega tarjimonlar ham, bunday kitoblarni nashrga tayyorlay oladigan nashriyotlar ham ko‘p emas. Inglizchadan tarjima qilish tajribasi endi shakllanib kelyapti. Demak, avval-boshdan murakkab kitoblarga qo‘l urish yaramaydi. Chunki, kitob qancha fundamental va ilmiy bo‘lsa, undagi atamalar shunchalik murakkablashadi. O‘zbek tilida hatto boshlang‘ich atamalar yetarlicha ishlab chiqilmagan. Bunday og‘ir yukni tajribasiz nashriyotlar yetkasiga birdan yuklash va ulardan qisqa muddatda sifatli tarjima talab qilish adolatsizlik bo‘lar edi. Mablag‘ yetarli bo‘lishi mumkin, ammo shu mablag‘ga yarasha salohiyat, kadrlar kerak.

 

Loyiha ish jarayonida ham ko‘rildiki, manaman degan ayrim tarjimonlar oddiy qo‘llanmani o‘girishda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. Muharrirlar esa xatoni o‘tkazvoryapti. Mutaxassislar ham yetarli emas, borlari ham bu loyihaga unchalik qiziqish bildirayotgani yo‘q.

 

Yana bir tanqid bor: nega falon soha bo‘yicha kitob yo‘q?

Biz takliflar bo‘yicha ro‘yxat tuzganmiz. Qaysi soha mutaxassislari faollik ko‘rsatib, harakat qilgan, o‘z taklifini asoslagan bo‘lsa, o‘sha sohalar bo‘yicha kitoblar ko‘proq. Biz mutaxassislarni, o‘z sohalari jonkuyarlarini faollikka chaqiramiz. Loyiha kelgusi yillarda ham davom etadi. Bu yil qo‘shilmagan zaruriy kitoblar kelgusi yillarda chiqib qolsa, ajabmas. Bu orada noshir va tarjimonlarimiz tajribasi ham ancha yaxshilanib qolar.

Kitobga buyurtma bermoqchimsiz?

Jismoniy va yuridik shaxslar uchun

2025 Global Move. All right reserved.

2025 Global Move. All right reserved.

2025 Global Move. All right reserved.

2025 Global Move. All right reserved.